Nizom

Samarqand viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi”
davlat unitar korxonasining

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) Samarqand viloyat hokimligi (keyingi o‘rinlarda – Muassis deb yuritiladi) huzurida tashkil etilib, xo‘jalik hisobidagi alohida yuridik shaxs hisoblanadi.

2. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va Farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Samarqand viloyat hokimligining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Markaz o‘z faoliyati to‘g‘risida Samarqand viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasiga hisob beradi.

4. Markazga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra, Samarqand viloyat hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

5. Markazga xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimdan ozod etish Markaz direktori tomonidan amalga oshiriladi.

6. Markaz bank hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘zining yuridik nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtamp va blanklariga ega bo‘ladi.

7. Markaz o‘z faoliyatini o‘z-o‘zini moliyaviy ta’minlash asosida amalga oshiradi, alohida mol-mulkka va mustaqil balansga ega bo‘ladi, unga yuklatilgan majburiyatlarni bajaradi va faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlardan foydalanadi, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lish va majburiyatlarni bajarish, sudda javobgar va da’vogar bo‘lishi mumkin.

8. Markaz o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

9. Markaz o‘z faoliyatini joylardagi davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boradi.

10. Markazning yuridik manzili:  Samarqand viloyati, Samarqand shahri Ko‘ksaroy maydoni 1-uy.

II. Markazning maqsadi, vazifasi va faoliyat turlari

11. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi – joylarda kompyuterlashtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda jamoatchilikni ushbu xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek Muassisning manfaatida daromad olish hisoblanadi.

12. Markazning vazifalari:

mahalliy davlat hokimiyati organlarida ishlarni rejalashtirish, tahlil va nazorat qilish, qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini monitoring qilish, hisobotlarni elektron shakllantirishni o‘z ichiga olgan “elektron hokimiyat” kompleks axborot tizimini joriy etish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish, ularni boshqa davlat organlarining tizimlari bilan integratsiya qilish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini joylardagi “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishini texnik jihatdan ta’minlash;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborotlashtirish ob’ektlarida axborot xavfsizligiga tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirish;

hududlardagi davlat organlari o‘rtasida o‘zaro elektron axborot almashinuvini tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga  axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dasturlash va telekommunikatsiya yo‘nalishlari bilan bir qatorda, zamonaviy xizmatlarni (autsorsing, konsalting,  biznes jarayonlari va boshqaruvni maqbullashtirish) ko‘rsatish.

13.1 Markaz faoliyati turlari:

viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ishlarini rivojlantirish;

joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, idoraviy va idoralararo elektron hujjat aylanishi tizimlarini shakllantirish;

ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish;

mahalliy hokimiyat organlarining markazlashgan elektron ma’lumotlar banklarini shakllantirish, ularning xavfsizligi va barqaror ishlashini ta’minlash;

joylarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimiyatlariga qaror qabul qilish uchun takliflar kiritish;  

viloyat hokimligi rasmiy veb-saytini takomillashtirish va doimiy faol ishlashini ta’minlash;

qonunchilikda belgilangan tartib asosida viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda tashkilot va korxonalarning rahbar va mutaxassis xodimlarini o‘qitish uchun kompyuter savodxonligi o‘quv kurslarini tashkil etish;

respublikada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etish va viloyat manfaatlarini ifodalash;

amaldagi konunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatlar (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 19-moddasiga asosan).

13.2 Markaz quyidagi  huquqlarga ega:

O‘ziga berilgan vakolatlar doirasida viloyatdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalardan zaruriy ma’lumot va boshqa turdagi me’yoriy hujjatlarni so‘rab olish;

Viloyat hokimi o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, hokimlik apparati guruhlari va boshqa bo‘limlaridan, davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalaridan, tuman (shahar) hokimliklaridan markazga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotlarni olish;

Belgilangan vazifalari doirasida tuman (shahar) hokimliklari, viloyat korxona va tashkilotlari va joylardagi mahalliy davlat organlari ish uslublarini o‘rganish;

Shartnomalar tuzish va boshqa kelishuvlarni amalga oshirish;

Binolar, inshootlar, transport vositalari va boshqa ko‘char va ko‘chmas mulkni ijaraga olish va berish;

Ishlab chiqargan mahsuloti, ko‘rsatgan xizmatiga bozor kon’yukturasini hisobga olgan holda, mustaqil ravishda yoki kelishilgan baholarda narx belgilash;

Bank kreditlaridan foydalanish;

Yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etish;

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, unitar korxonalarga berilgan boshqa huquqlardan foydalanadi.

III. Muassisning huquq va majburiyatlari

14. Markaz muassissi quyidagilarga haqlidir:

Markaz faoliyatining maqsadi, predmeti, turlarini belgilash;

Markaz ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

Markaz direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatidan oldin to‘xtatish;

Markazni qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va tugatish balanslarini tasdiqlash;

Markaz mulkiga oid bitishuvlarni haqiqiy emas deb e’tirof etish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish;

Markazning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qo‘yish va ularni tasarruf etish;

zarurat bo‘lganda Vazirlar Mahkamasiga Markazni xususiylashtirish yoki davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha takliflar kiritish;

Markazga yetkazilgan zararlarni undirish to‘g‘risida Markaz direktoriga nisbatan da’vo taqdim etish;

amaladagi konunchilikda va Markazning ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda Markazning ishlarini boshqarishda ishtirok etish;

amaldagi qonunchilik va Markaz ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda Markazning faoliyati to‘g‘risida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;

foydani taqsimlash;

Markazning ustav fondidagi o‘z ulushini yoxud uning bir qismini amaldagi qonunchilik va Markaz Ustavida nazarda tutilgan tartibda sotish yoki o‘zga tarzda voz kechish;

amaldagi qonunchilik va Markaz ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda Markazdan chiqish;

Markaz tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkni yoki uning qiymatini olish;

Markaz muassissi amaldagi qonun hujjatlarida va Markazning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

15. Markaz muassissi quyidagi majburiyatlarni oladi:

Markaz direktorini tayinlash, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq uning bilan mehnat shartnomasi tuzish;

Markaz davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab uch oy mobaynida Markazning ustav fondini unga davlat mulkini tezkorlik bilan boshqarish uchun berish yo‘li bilan shakllantirish;

har yili Markazning biznes-rejasini tasdiqlash, har chorakda ijro etuvchi organning uning bajarilishi haqidagi hisobotini eshitish;

Markazga berilgan davlat mulkidan maqsadli foydalanilishini va saqlanishini, shuningdek uning begonalashtirilishini oldini olishni nazorat qilish.

Markaz faoliyati to‘g‘risidagi sir tutilgan axborotlarni oshkor qilmaslik. Oshkor etilmaydigan axborotlarning hajmiga (turiga) barcha tijorat shartnomalar ishlab chiqarish, texnik va boshqa Markaz faoliyati to‘g‘risidagi axborotlar kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va Markaz ta’sis hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishi shart.

IV. Markaz filiallari va vakolatxonalari

16. Markaz muassis bilan kelishuv bo‘yicha, qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda filiallar tashkil etishi va vakolatxonalar ochishi mumkin.

Filial yoki vakolatxona tashkil etilgandan keyin bir hafta muddatda Markaz bu to‘g‘rida O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmasini xabardor qiladi.

Markaz filiallari va vakolatxonalari ularni tashkil etgan Markaz nomidan, ushbu Markaz tomonidan tasdiqlangan nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatadi va uni tashkil etgan Markaz mulkiga ega bo‘ladi.

Markaz filiali yoki vakolatxonasi rahbari Markaz direktori tomonidan muassis bilan kelishgan holda tayinlanadi va uning ishonchnomasi asosida faoliyat ko‘rsatadi. Filial yoki vakolatxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi to‘xtatilgan taqdirda ishonchnoma Markaz direktori tomonidan bekor qilinadi.

V. Mol-mulk va mablag‘lar

17. Markaz mulki:

muassis tomonidan Markazga tezkor boshqarish huquqi bilan biriktirilgan mulk;

Markazning o‘z faoliyatidan olingan daromadlari;

qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi;

fuqarolar, shuningdek muassasalar, Markazlar va jamoat birlashmalarining ixtiyoriy ulushlar va ajratmalar;

O‘zbekiston qonun hujjatlari bilan ruxsat etilgan ijara va boshqa to‘lovlar va tushumlar;

beg‘araz va xayriya badallar.

18. Markaz mulkining qiymati Markazning mustaqil balansida aks ettiriladi.

Markaz mulki bo‘linmas mulk hisobanadi va qo‘shilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo‘yicha, shu jumladan, Markaz xodimlari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas.

19. Markaz mulkini tasarruf etish quyidagi hollarda Markazning ijro etuvchi organi tomonidan muassis bilan kelishgan holda amalga oshiriladi:

asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga yoki garovga topshirish;

mulkni xo‘jalik jamiyati ustav fondiga ulush sifatida qo‘shish;

xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari (ulushlari)ni sotib olish;

xo‘jalik jamiyatlaridagi Markazga tegishli aksiyalar (ulushlar)ni sotish;

mulkni Markaz faoliyati maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan boshqacha tarzda tasarruf etish.

20. Markazga tegishli bino va inshootlarni (shu jumladan qurilishi tugallanmaganlarni) sotish muassis bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Markaz o‘ziga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulkidan mustaqil ravishda foydalanadi. 

VI. Ustav fondi                                           

21. Markazni tuzish va uning faoliyatini ta’minlash uchun 500 000 000 (besh yuz million) so‘m miqdorida ustav fondi tashkil etiladi.

Muassisning Ustav fondidagi ulushlari quyidagicha taqsimlangan:

Samarqand viloyat hokimligi – 500 000 000 so‘m yoki 100 %.

Muassis Ustav fondidagi ulushini pul mablag‘lari, mol-mulk, ko‘chmas mulk, asbob-uskunalar, intellektual mulk va boshqa ko‘rinishda kiritishi mumkin.

Markazning Ustav fondi Markazning faoliyatidan olingan daromadi va mol-mulki hisobidan, zarur bo‘lgan holda esa Muassisni natura yoki pul ko‘rinishidagi shaxsiy ulushlari hisobidan oshirilishi mumkin. Ustav fondning oshirilishi to‘g‘risidagi qaror Muassis tomonidan qabul qilinadi.

VII. Markaz hujjatlarini saqlash

22. Markaz quyidagi hujjatlarni saklashi shart:

Markaz ta’sis hujjatlari, ularga kiritilgan va belgilangan tartibda ruyxatdan o‘tkazilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar;

Markaz muassissining Markazni tashkil etish va Markaz ustav fondiga qo‘shiladigan pulsiz ulushlarning pul bahosini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni, shuningdek Markazni tashkil etish bilan bog‘lik boshqa qarorlar;

Markazni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat;

Markazning o‘z balansida turgan mol-mulkka bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;

Markazning filiallari va vakolatxonalari to‘g‘risidagi nizomlar;

Markaz muassisining, ijroiya organi majlislarining barcha bayonnomalari;

qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlar.

23. Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar Markazning ijroiya organi joylashgan manzilda saqlanadi.

24. Markaz, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Ustavning 22-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni doimiy ravishda saklashi shart.

25. Markaz muassissining yoki u tomonidan tayinlangan auditorning talabiga binoan Markaz ularga Markazning ta’sis hujjatlari bilan, shu jumladan unga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan, shuningdek konfidensial hisoblanmagan ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatini berishi shart.

26. Muassisning talabiga binoan Markaz unga Markazning ustavi, ularga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni nusxalarini berishi shart.

VIII. Hisob va hisobot

27. Markaz mustaqil ravishda xo‘jalik faoliyatini rejalashtiradi va bozor iqtisodiyoti asosida xizmatlarga real bozor talablaridan kelib chiqqan holda narxlarni belgilaydi.

28. Markaz mustaqil ravishda O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda buxgalterlik hisob, moliyaviy va statistik hisobotni amalga oshiradi.

29. Moddiy texnika bazasini asosiy va aylanma mablag‘lar, shuningdek boshqa moddiy boyliklar va moliyaviy zahiralar tashkil etadi. Markazning o‘z mablag‘lari uning to‘liq tasarrufida bo‘ladi va O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan hollardan tashqari olib qo‘yilmaydi.

30. Qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan xodimlar jadvali, mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

31. Mustaqil ravishda xodimlarni kasb va malaka saviyasini belgilaydi.

32. Belgilangan muddatlarda moliya, soliq, statistika organlariga olingan daromadlar to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.

IX. Daromadni taqsimlash va ziyonlarni qoplash

33. Barcha majburiy to‘lovlar va soliqlar to‘langanidan so‘ng Markaz ixtiyorida qoladigan mablag‘lar Markaz daromadini tashkil etadi va Markaz ushbu mablag‘lardan erkin  foydalanadi.

34. Markazda quyidagi tartibda zahira fondi shakllantiriladi:

Markaz Ustav fondining 15 foizi miqdorida zahira fondi tashkil etiladi. Zahira fondi har yili sof foydadan 5 foizlik ajratmalar hisobiga shakllantiriladi;

Shakllantiriladigan zahira fondining miqdori Muassis qarori bilan o‘zgartirilishi mumkin.

35. Markaz amaldagi qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan narxlar bo‘yicha va tartibda, pul o‘tkazish yo‘li bilan yoki naqd pulga o‘z mahsulot va xizmatlarini sotadi.

Moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijasida vujudga kelgan ziyonlar Markazning zahira fondi hisobidan, u yetmagan holda esa Markazning mol-mulki yoki Muassisning maqsadli qo‘shimcha ulushlari hisobidan amalga oshiriladi.

X. Markazning boshqaruv organlari

36. Markazning boshqaruv organlari quyidagilar:

a) Markaz muassissi;

b) Ijroiya organi (direktor).

XI. Markaz muassissi

37. Markazning eng oliy organi bo‘lib Muassis hisoblanadi.

38. Muassisning mutloq vakolatlariga quyidagilar kiradi:

 Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek boshqa tijorat korxonalari va birlashmalarida ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

Markaz ustav fondi miqdorini o‘zgartirish;

ta’sis hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, yoki ularni yangi tahrirda tasdiqlash;

Markazning ijro etuvchi organlarini tuzish va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;

yillik hisobotlarni va yillik buxgalterlik balanslarni tasdiqlash;

Markazning sof foydasini taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish, auditorlik Markazlari hamda ularning xizmatlariga to‘lanadigan haqning eng ko‘p miqdorini aniqlash;

Markazni qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

tugatish komissiyasini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;

amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.

XII. Ijro organi (Direktor)

39. Markazning ijro organi bo‘lib Direktor hisoblanadi va Markazning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.

Direktor O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda Muassis tomonidan nomuayyan muddatga lavozimga tayinlanadi va vazifasidan ozod etiladi.

Direktor lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tayinlanadi. Direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Muassis imzolaydi.

Direktor Muassis qarori bo‘yicha chaqirib olinishi mumkin.

40. Markaz Direktori huquqlari:

Markaz oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etadi;

Markaz nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko‘rsatadi va uning manfaatlarini ifodalaydi;

Markaz nomidan bitishuvlarni belgilangan tartibda amalga oshiradi;

xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, o‘zgartiradi va to‘xtatadi, buyruqlar chiqaradi;

xodimlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi.

xodimlarining shtat bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini muassis bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.

Markazning barcha xodimlariga majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.

41. Markaz direktori majburiyatlari:

muassis oldida Markaz ustavida belgilangan tartibda Markaz faoliyati to‘g‘risida hisob beradi.

o‘z huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarini bajarishda Markaz manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladi;

byudjetga va byudjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarning va ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlaydi;

mehnat huquqlari va munosabatlaridan hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlardan kelib chiqadigan barcha talablarning qondirilishini ta’minlaydi;

Muassisning o‘z faoliyatiga aloqador qarorlarini tayyorlashni va bajarilishini tashkillashtiradi va ularni bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etadi;

42. Direktorning javobgarligi:

Markaz faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ehtiyojlar uchun pul mablag‘larining o‘tkazilmaganligi, o‘zining harakati (harakatsizligi) tufayli, shu jumladan Markazga berilgan davlat mulki yo‘qolgan taqdirda, Markazga yetkazilgan zararlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;

direktor Muassisga hisobdor va uning oldida Markaz faoliyatining amalga oshirilishi hamda unga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi.

43. Direktor, shuningdek Muassis tomonidan vakolat berilgan shaxs Markaz nomidan imzo qo‘yish huquqiga ega.

XIII. Markaz faoliyatini nazorat qilish

44. Markazda alohida nazorat organi ko‘zda tutilmaydi.

Markaz moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan nazorat muassis va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Markaz hisobot davri tugagach, vakolatli organlarga moliyaviy hisobotni va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlashga berilishi uchun javob beradi.

XIV.  Markazning tijorat siri

45. Markazning tijorat siri deganda davlat siri ahamiyatiga ega bo‘lmagan uslubiy axborot, boshqarish, rejalashtirish, moliya va Markazning boshqa faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, ularni oshkor etish (berish, o‘tkazish) uning manfaatlariga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar tushuniladi.

46. Har bir xodim barcha, shu jumladan bexosdan olingan Markazning moliya va boshqa xarakterdagi faoliyati bilan bog‘lik axborot va ma’lumotlarni oshkor etilmasligini va bunday axborotning tarqalishini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishga majburdir.

47. Tijorat siri oshkor etilganda Direktor axborotni yanada tarqalishini oldini olish bo‘yicha barcha choralarni ko‘radi va aybdor shaxsni Markazdan chiqarib yuborilishini  amalga oshiradi.

XV. Markazni qayta tashkil etish va tugatish

48. Markazni qayta tashkil etish yoki tugatish muassis qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 oktyabrdagi 215-son “Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlagan Nizom talablariga hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

49. Markazni qayta tashkil etish Muassis qarori bo‘yicha uni qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish, qayta tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Markazni qayta tashkil etishda uning barcha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisiga utadi.

50. Markazni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organ tomonidan yagona davlat reestriga tegishli yozuv (o‘zgartirish) kiritilgan vaqtdan boshlab Markazni tugatish yakunlangan, Markaz esa o‘z faoliyatini tugatgan deb hisoblanadi.

XVI. Yakunlovchi qoidalar

51. Ustav kopxona qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab kuchga kiradi.

52. Ustavda o‘z ifodasini topmagan masalalap O‘zbekiston Respublikasining  amaldagi qonun hujjatlapi bo‘yicha taptibga solinadi.     

(Nizomni yuklab olish PDF formatda 7.86 Mb) 

 

 

(66) 235-24-60

Dush-Jum : 9.00 - 18.00
Tushlik : 13.00 - 14.00

center@samarkand.uz

Tez fursatda javob beramiz

Samarqand shahri

140157, Ko‘ksaroy maydoni, 1-uy.