Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyat boshlaganiga bir yil bo‘ldi

 doc xls

Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi yoshlar markazida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan o‘tgan yili Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etildi. Bundan maqsad - O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiya qilish uchun o‘zida ilg‘or muhandislik bilimlari mavjud bo‘lgan, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalarini egallagan yuqori malakali yangi mutaxassislarni  tayyorlash edi.

Ayni kunda ushbu murakkab vazifani bajarish uchun universitetda texnik ta’lim, xorij standartlari asosida muhandis kadrlarni tayyorlashning amaldagi tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Xususan, mazkur ta’lim maskaniga Amerika, Polsha, Italiya, Hindiston, Janubiy Koreya va Janubiy Afrikadagi yetakchi ta’lim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan yetakchi professor-o‘qituvchilar va mahalliy mutaxassislar taklif qilingan.

- Universitetimizda o‘quv reja va dasturlarning qariyb 99 foizi jahon standartlari asosida xorijiy texnika universitetlari bilan hamkorlikda yaratilgan, - deydi oliygoh rektori, professor Yusuf Abdullayev. - Darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. 2023 yil bahorgi semestrdan «Tadbirkorlik va menejment», «Axborot texnologiyalari» ta’lim yo‘nalishlariga talabalarni qabul qildik. Kuzgi semestrdan talabalar uchun yana «Neft-gaz muhandisligi», «Kimyo muhandisligi», «Konchilik ishi», «Geologiya va geologiya muhandisligi», «Elektrotexnika» kabi yo‘nalishlar ochilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, to‘rt yo‘nalishda – «yashil» texnologiyalar, sanoat dizayni, raqamli iqtisodiyot hamda koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida Koreya texnologiya va madaniyat kollejiga tayyorlov kurslari hamda talabalarda o‘zbek tilidagi matnlarni bemalol tushunish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida O‘zbek tili va madaniyati markazi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda xorijlik hamkorlar universitet jamoasini bir yillik faoliyati bilan qutladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, oliygohda «Samarqand xalqaro texnologiya universitetining navqiron kelajak avlodga murojaatnomasi» ishlab chiqilgan va bu murojaatnomani yillar davomida sifatli saqlanishini ta’minlash uchun maxsus ramziy «kapsula» ham yasatilgan. Tadbir davomida murojaatnoma o‘qib eshittirildi va uning matni 10 yildan so‘ng ochilib, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar taqqoslab chiqilishi ta’kidlandi.

Tantanali tadbir milliy va xalqaro musiqiy kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti axborot xizmati.

(66) 235-24-60

Dush-Jum : 9.00 - 18.00
Tushlik : 13.00 - 14.00

center@samarkand.uz

Tez fursatda javob beramiz

Samarqand shahri

140157, Ko‘ksaroy maydoni, 1-uy.