DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARIDA OCHIQLIKNI TAʼMINLASHGA MASʼUL BO‘LGAN XODIMLAR UCHUN IKKI KUNLIK SEMINAR TASHKIL ETILDI

 doc xls

 

Joriy yilning 11-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 70 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarning ochiq maʼlumotlar siyosati va uni amalga oshirish mexanizmlari sohasidagi salohiyatini oshirish maqsadida navbatdagi ikki kunlik seminar tashkil etildi.   

Maʼlumot uchun:  2022-yilda Agentlik tomonidan davlat organlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarini o‘qitishga qaratilgan 10 ta seminar tashkil etilib, 200 dan ortiq davlat xizmatchilari o‘qitilishi taʼminlandi. Mazkur seminar ana shunday tadbirlarning mantiqiy davomidir.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 154-son farmoniga muvofiq,  Agentlik tomonidan ilk bor joriy yilda “Ochiqlik indeksi” reytingi eʼlon qilindi.

Unda  86 ta davlat organi va tashkilotining ochiqlikni taʼminlash sohada amalga oshirayotgan ishlari samaradorligi hamda natijadorligi 84 ta mezonni qamrab olgan 8 ta indikator asosida baholandi.

Baholash jarayonlarini har tomonlama sifatli tashkil etish maqsadida Agentlik tomonidan o‘tgan davr mobaynida davlat organlariga mazkur yo‘nalishda muntazam metodik va amaliy yordam ko‘rsatilib, ushbu faoliyatni yuqori samaradorlik asosida tashkil etishga ko‘maklashib borildi.

Shuningdek, baholash jarayonlarining xolis va shaffofligini taʼminlash maqsadida mazkur Farmon bilan Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etildi.

Maʼlumot uchun: Baholash komissiyasi Ochiqlik indeksini baholash natijalarini ko‘rib chiqish hamda Ochiqlik indeksi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiluvchi kollegial organ hisoblanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mutaxassislari, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati hamda NNTlar vakillaridan tashkil topgan.                           

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 15 ta davlat organining ochiqlikni taʼminlash faoliyati “yashil” (71-100 ball), 44 tasi “sariq” (55-71 ball) va 27 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan baholangan.

Mazkur seminarda asosiy eʼtibor Ochiqlik indeksi natijalari asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish, ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni  tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek,  bu boradagi  faoliyatni yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiya va tushuntirishlar berishga qaratildi. 

Shu maqsadda ishtirokchilarga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, Ochiqlik indeksining baholash indikatorlariga oid maʼlumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri va to‘liq eʼlon qilib borish bilan bog‘liq masalalarda atroflicha maʼlumot berildi.  

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimiga oid masalalar muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlar, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirish borasida ham zarur tavsiyalar berildi.

Seminar mobaynida byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi, Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi, ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati ham ko‘rib chiqildi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

(66) 235-24-60

Dush-Jum : 9.00 - 18.00
Tushlik : 13.00 - 14.00

center@samarkand.uz

Tez fursatda javob beramiz

Samarqand shahri

140157, Ko‘ksaroy maydoni, 1-uy.