Samarqandda IT-Park filiali ochildi

 doc xls

Axborot texnologiyalari sohasida istiqbolli startap-loyihalarni amalga oshirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish, yosh dasturchilar tayyorlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida bugun Samarqand shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning hududiy filiali zamonaviy infratuzilmaga ega binoga o‘z faoliyatini boshladi.

Binoni foydalanishga topshirish bo‘yicha tashkil etilgan tantanali tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi.

IT-Parkda kovorking, rezidentlar va startapchilar uchun ofis joylari, zamonaviy o‘quv xonalari, robototexnika, kibersport, muzokara va uchrashuvlar xonalari (meeting room), konferens zal, intervyu zona, internet-kafe va boshqa yordamchi xonalar eng so‘nggi uslubdagi dizayn hamda zamon talablari asosida tashkil etilgan.

IT-Park Samarqand hududiy filiali yoshlarni mazkur sohaga qiziqtirish, sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga bir qator imtiyozlarni bergan holda, ularning samarali faoliyat olib borishlari uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratib berish orqali sohada dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni eksportini yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalar va startaplarni hayotga tadbiq etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishda bevosita ishtirok etish, viloyatning jami xizmatlar hajmida AKTning ulushini sezilarli oshirish asosiy vazifa etib belgilab olindi.

Filial viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan yuridik shaxslar, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik olib boradi.

Shuningdek, filial qoshida viloyatning har bir shahar va tumanlarida tashkil etiladigan Raqamli texnologiyalar markazlari faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda 6 ta shahar va tumanlarda mazkur markazlar tashkil etildi, joriy yil yakuniga yana 4 ta shu kabi markazlar ishga tushiriladi.

Filial tashkil etilishi natijasida viloyatda 50 ta yangi IT korxonalar, 200 ta yangi ish o‘rinlari va 100 dan ortiq startap loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.